Перейти к основному содержанию

Новость

O‘ZBEKISTON VA BAA SUV-ENERGETIKA SOHASIDAGI AMALIY HAMKORLIKNI KENGAYTIRADI

Uchrashuvda suv-energetika samaradorligi, innovatsiyalar va investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

O‘ZBEKISTON VA BAA SUV-ENERGETIKA SOHASIDAGI AMALIY HAMKORLIKNI KENGAYTIRADI

Butunjahon suv haftaligi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vazirining energetika va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha yordamchisi, “Masdar City” direktorlar kengashi raisi Abdulla Balalaa bilan uchrashdi.

Uchrashuvda suv, energetika va barqaror rivojlanish masalalarining o‘zaro bog‘liqligi, sohaga innovatsion texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish hamda suv tanqisligiga qarshi samarali yechimlarni keng joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

BAA va Senegal hamraisligida 2026-yil 8–10-dekabr kunlari Abu-Dabida o‘tkaziladigan BMTning Suv konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadiga erishishga xizmat qiladigan aniq tashabbuslarni ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, global suv tanqisligiga qarshi innovatsion va texnologik yechimlarni jadallashtirishga qaratilgan Muhammad bin Zayd suv tashabbusi bilan hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar suv va energiya samaradorligini oshirish, qurg‘oqchil hududlarga mos texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish hamda zamonaviy yechimlarni sinovdan o‘tkazish va keng tatbiq etish bo‘yicha katta hamkorlik salohiyati mavjudligini ta’kidladi.

BAA vakillari joriy yil kuzida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Suvni tejash bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etishga taklif qilindi.

Опубликовано: