Перейти к основному содержанию

Новость

O‘ZBEKISTON VA FINLYANDIYA SUV SOHASIDAGI HAMKORLIKNI KENGAYTIRADI

Muloqotlarda ichimlik suvi xavfsizligi, oqova suvlarni tozalash, zamonaviy monitoring va suv resurslarini barqaror boshqarish masalalari muhokama qilindi.

O‘ZBEKISTON VA FINLYANDIYA SUV SOHASIDAGI HAMKORLIKNI KENGAYTIRADI

Butunjahon suv haftaligi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi, Ijtimoiy ishlar va sog‘liqni saqlash vazirligi, Finlyandiya suv forumi (FWF), Finlyandiya sog‘liqni saqlash va farovonlik instituti (THL), Helsinki mintaqaviy ekologik xizmatlar boshqarmasi (HSY) hamda Cowater kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlarda ichimlik suvi xavfsizligi va sifatini ta’minlash, oqova suvlarni samarali tozalash, suv bilan bog‘liq sanitariya va jamoat salomatligini mustahkamlash, zamonaviy monitoring tizimlarini joriy etish hamda suv resurslarini barqaror boshqarish masalalari muhokama qilindi.

Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘yicha maxsus vakili Maria Agren bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, suv sohasi bo‘yicha muloqotni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Finlyandiya Ijtimoiy ishlar va sog‘liqni saqlash vazirligining Xavfsizlik va sog‘liq departamenti bosh direktori Taneli Puumalainen bilan uchrashuvda suv sifati, ekologik omillarning aholi salomatligiga ta’siri va ushbu yo‘nalishdagi davlat nazorati masalalari ko‘rib chiqildi.

Finlyandiya suv forumi bosh direktori Topi Helle bilan muloqotda suv ta’minoti va oqova suvlarni tozalash, raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash hamda ilg‘or fin texnologiyalari muhokama qilindi.

Shuningdek, THLning ilmiy-tahliliy tajribasi, HSYning ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni tozalash amaliyoti hamda Cowater kompaniyasining xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi tajribasi bilan tanishildi.

Uchrashuvlarda o‘zaro tajriba almashish, ekspertlar hamkorligini rivojlantirish hamda suv xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olindi.

Опубликовано: