Asosiy kontentga oʻtish
SSBRMSuv sohasida barqaror
rivojlanish markazi

Tadbir

Ekspertlar kengashining I-yigʻilishi: Oʻzbekistonda suv sohasidagi islohotlar muhokama qilindi

Yigʻilishda soha mutaxassislari, ilmiy muassasa vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Kun tartibida suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish masalalari koʻrildi.

Ekspertlar kengashining I-yigʻilishi: Oʻzbekistonda suv sohasidagi islohotlar muhokama qilindi

2026-yil 30-iyun kuni Toshkent shahrida Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi tomonidan “Oʻzbekistonda suv sohasidagi islohotlar: erishilgan natijalar, mavjud chaqiriqlar va kelajak istiqbollari” mavzusida Ekspertlar kengashining I-yigʻilishi tashkil etildi.

Yigʻilishdan koʻzlangan maqsad mamlakatda suv sohasida olib borilayotgan islohotlarni kompleks tahlil qilish, dolzarb masalalarni muhokama etish, ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda suv resurslarini boshqarish, suv xavfsizligini ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek suv diplomatiyasi va xalqaro hamkorlik yoʻnalishlarida ekspertlik koʻmagini kuchaytirishdan iborat.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Timur Butunbayev kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Yigʻilishda  Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Xamrayev, Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi direktori Jaloliddin Usmanov, Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi direktor oʻrinbosari Diyoraxon Toshmatova, shuningdek ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar va ekspert doiralari vakillari ma’ruza bilan ishtirok etib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, sohadagi mavjud vazifalar hamda istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan oʻz fikr va takliflarini bildirdilar.

Yigʻilishda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, “Green University”, shuningdek Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi, Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI), Jahon banki, GIZ, Osiyo taraqqiyot banki, JICA, TIKA, Britaniya kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Fransiya taraqqiyot agentligi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Muhokamalar davomida soʻnggi yillarda suv resurslarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilish, suvdan oqilona foydalanish, sohani raqamlashtirish va suv xavfsizligini ta’minlash borasida erishilgan natijalar koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishi, suv resurslari taqchilligi hamda transchegaraviy suv munosabatlari bilan bogʻliq zamonaviy chaqiriqlar yangi yondashuvlar va ilmiy asoslangan qarorlarni talab qilishi ta’kidlandi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi hamda vakolatli davlat organlari tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilgan dasturiy va strategik hujjatlarni ishlab chiqishda muhim tahliliy asos sifatida koʻrib chiqiladi.

E'lon qilingan: