Gender konsepsiyasi boʻyicha ikkinchi davra suhbati

Oʻzbеkiston suv xoʻjaligining 2030 yilgacha boʻlgan gеndеr konsepsiyasi loyihasi muxokama qilindi
15 oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning 3-bosqichi doirasida Oʻzbekiston suv xoʻjaligining 2030 yilgacha boʻlgan gender konsepsiyasini ishlab chiqishga bagʻishlangan ishchi guruh igʻilish boʻlib oʻtdi. Unda soha mutaxassislari, aloqador vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlar vakilalari, gender masalalari boʻyicha ekspertlar, shuningdek, suv xoʻjaligining Gender konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha mas’ul idoralararo ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.
Yigʻilishda ta’kidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi doirasida gender tengligini ta’minlash mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.
Ushbu hujjatda respublikamizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini mustahkamlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish bilan bogʻliq qator vazifalar belgilab berilgan. Bu boradagi vazifalarga erishish agrar soha, xususan, suv xoʻjaligi tizimida ham muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda Oʻzbekiston suv xoʻjaligining 2030 yilgacha boʻlgan gender konsepsiyasini ishlab chiqishga kirishildi. Mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan 2021 yilda oʻtkazilgan suv xoʻjaligini gender baholash natijalariga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, hujjatda sohada gender tenglikka erishish, erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda chora-tadbirlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Ishchi guruh yigʻilishida xalqaro tajribani hisobga olgan holda Oʻzbekiston suv xoʻjaligida gender tengligining hozirgi holatini baholash, suv resurslarini integrallashgan boshqarish tamoyillariga asoslangan suv xoʻjaligining gender konsepsiyasini ishlab chiqishning asosiy yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Muhokamalarda 2030 yilgacha suv xoʻjaligining Gender konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha asosiy yondashuvlar, manfaatdor tomonlar bilan birgalikda aniq qadamlar va kelgusidagi harakatlar belgilab olindi.
