Gender masalalari boʻyicha 5-texnik ishchi guruhi yigʻilishi

Suv xoʻjaligi sohasida gender tengligini ta’minlash masalalari boʻyicha Texnik guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-yil 12-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida suv xoʻjaligi sohasiga gender yondashuvlarini joriy etish masalalariga bagʻishlangan Taraqqiyot hamkorlari Texnik guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlari, Gender konsepsiyasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar, oliy va professional ta’lim muassasalari hamda xalqaro taraqqiyot hamkorlari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi vakili Zokir Ishpulatov ochib berdi. Yigʻilish davomida ishtirokchilar suv xoʻjaligi sohasining 2027-yilgacha boʻlgan Gender konsepsiyasi harakatlar rejasi ijrosi holatini muhokama qildilar. ACTED tashkiloti vakili Farzona Hashimova tomonidan mazkur rejaning amalga oshirilishi boʻyicha monitoring natijalari taqdim etildi.
Muhokamalar jarayonida davlat tashkilotlari va taraqqiyot hamkorlari tomonidan Gender konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda mavjud muammolar koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar gender masalalarini suv xoʻjaligi sohasi faoliyatiga yanada samarali integratsiya qilish boʻyicha fikr va takliflarini bildirdilar.
Yigʻilishda alohida e’tibor qaratilgan masalalar:
hududiy darajada gender tadbirlarini muvofiqlashtirish;
tashabbuslarning takrorlanishining oldini olish;
mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda sohadagi hamkorlikni kuchaytirish;
Markaziy Osiyo mamlakatlarida gender va suv masalalari boʻyicha mintaqaviy tarmoqlar faoliyati, ularning imkoniyatlari hamda kelgusida hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash boʻyicha takliflar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar suv xoʻjaligi sohasida gender tengligini ta’minlash boʻyicha hamkorlikni yanada kuchaytirish, tajriba almashishni kengaytirish va harakatlar rejasini samarali amalga oshirish yuzasidan qator tavsiyalar ishlab chiqdilar.
