Asosiy kontentga oʻtish

Yangilik

ANDIJONDA YILIGA 100 TA KICHIK GES MAJMUASI ISHLAB CHIQARILADI

Togʻli va suv resurslariga boy Markaziy Osiyo davlatlarida bunday uskunalarga talab yuqori.

ANDIJONDA YILIGA 100 TA KICHIK GES MAJMUASI ISHLAB CHIQARILADI

Andijon tumanida 20 million dollarlik loyiha doirasida kichik gidroelektr stansiyalari uchun uskunalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. 2027-yilda toʻliq quvvatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxona yiliga 100 ta kichik GES majmuasi ishlab chiqaradi va 200 ta yangi ish oʻrni yaratadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida mazkur loyiha bilan tanishdi.

“Andijon Jinlun yangi energiya” korxonasi davlat rahbarining 2025-yil 28-martdagi hududlarda mikrogidroelektr stansiyalari tarmogʻini rivojlantirishga doir qarori ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.

Loyiha toʻliq xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi. Korxona toʻliq quvvatga chiqqach, yiliga umumiy qiymati 70 milliard soʻmlik 100 ta kichik GES majmuasi, shuningdek, mikrogidroenergetika uskunalari, dastgohlar va elektr jihozlari ishlab chiqariladi.

Mahsulotlarni Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonga yetkazib berish rejalashtirilgan. Yillik eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Rasmiy xabarda qayd etilishicha, togʻli va suv resurslariga boy Markaziy Osiyo davlatlarida bunday uskunalarga talab yuqori. Biroq mintaqada ularni sanoat miqyosida ishlab chiqaradigan ixtisoslashgan korxonalar yetarli emas. Yangi loyiha ushbu ehtiyojni qoplashga qaratilgan.

Andijon viloyatidagi suv manbalari, xususan, Katta Fargʻona kanalining barqaror oqimi mikro va kichik GESlar qurish uchun qulay imkoniyat sifatida koʻrsatilgan.

Korxona uskunalar ishlab chiqarish bilan birga, viloyatda qator mikro GESlar qurishni ham moʻljallamoqda.

E'lon qilingan: