Asosiy kontentga oʻtish

Yangilik

BMT: JAHON OKEANI SATHINING KOʻTARILISHI TOBORA TEZLASHMOQDA

BMT: dengiz sathining koʻtarilishi endi uzoq kelajakdagi tahdid emas

BMT: JAHON OKEANI SATHINING KOʻTARILISHI TOBORA TEZLASHMOQDA

BMT ma’lumotlariga koʻra, asr oxiriga qadar Jahon okeani sathi yarim metrga koʻtarilsa, 150–300 million kishi oʻz uyini tark etishga majbur boʻlishi mumkin.

Yana qariyb 500 million odam chuchuk suv va qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum boʻlish xavfi ostida qoladi.

BMT Qochqinlar ishlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash masalalari boʻyicha maxsus maslahatchisi Endryu Xarperning ta’kidlashicha, dengiz sathining koʻtarilishi endi uzoq kelajakdagi tahdid emas. Bu jarayon hozirning oʻzida sodir boʻlmoqda va tobora tezlashmoqda.

“Jahon okeani sathining koʻtarilishi endi uzoq kelajakdagi tahdid emas – bu jarayon hozirning oʻzida sodir boʻlmoqda va tobora tezlashmoqda. Uning oqibatlari butun dunyoga ta’sir qilayotgan boʻlsa-da, bu bilan bogʻliq xavflar bir xil taqsimlanmagan: ayrim Tinch okeani davlatlarida dengiz sathi jahon boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar tez koʻtarilmoqda, garchi ular global tashlanmalarga juda kam hissa qoʻshayotgan boʻlsa ham”, – dedi Endryu Xarper.

Masalan, Bangladeshda dengiz suvining quruqlikka kirib kelishi tuproq va chuchuk suv manbalarining shoʻrlanishiga olib kelmoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda.

Ekspert eng xavf ostidagi hududlarni himoya qilish uchun Mangrov oʻrmonlarini barpo etish, sohillarni mustahkamlash, drenaj tizimlarini rivojlantirish, aholini xavf haqida oldindan ogohlantirish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, suv bosishi xavfi yuqori boʻlgan hududlarni keyinchalik yana aholi bilan zichlashtirishga yoʻl qoʻymaslik kerakligini aytdi.

Dengiz sathining koʻtarilishi suv toshqinlari, suv va tuproqning shoʻrlanishi, hosildorlikning pasayishi hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan birga kechadi. Shuning uchun odamlarning koʻchib ketish qarorlarida aynan dengiz sathi koʻtarilishining ta’sirini aniq baholash qiyin.

Xarperning ta’kidlashicha, yashash sharoiti ogʻirlashgan taqdirda ham koʻpchilik odamlar oʻz mamlakatini tark etmaydi. Ular, asosan, sohilboʻyi va qishloq hududlaridan shaharlarga koʻchib, uy-joy, ish va zarur xizmatlarni izlaydi. Bu esa qabul qiluvchi shaharlar infratuzilmasi va resurslariga qoʻshimcha bosim yuzaga keltiradi.

Ayni paytda xalqaro huquqda "iqlim qochqini" uchun alohida maqom mavjud emas. Qurgʻoqchilik, suv toshqini yoki dengiz sathining koʻtarilishi sababli koʻchishning oʻzi insonga qochqin maqomini berish uchun huquqiy asos hisoblanmaydi.

Shu bilan birga, xalqaro huquqda dengiz sathining koʻtarilishi xavfi ostida qolgan davlatlarning huquqiy maqomini saqlab qolish masalasi muhokama qilinmoqda. Shakllanayotgan yondashuvga koʻra, hatto davlat hududi yashash uchun yaroqsiz boʻlib qolgan taqdirda ham, uning suvereniteti, xalqaro-huquqiy maqomi va dengiz hududlariga boʻlgan huquqlari saqlanib qolishi mumkin. Bu, oʻz navbatida, koʻchirilgan aholiga oʻz fuqaroligi va u bilan bogʻliq huquqlarini saqlab qolish imkonini berishi mumkin.

E'lon qilingan: