Asosiy kontentga oʻtish

Yangilik

DUNYO SUV RESURSLARI: 2025-YILDA QANDAY OʻZGARISHLAR BOʻLDI?

“Dunyo suv resurslari holati – 2025” hisoboti e’lon qilindi.

DUNYO SUV RESURSLARI: 2025-YILDA QANDAY OʻZGARISHLAR BOʻLDI?

Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO)ning “Dunyo suv resurslari holati – 2025” hisobotida Yer yuzidagi suv aylanishi va suv resurslaridagi muhim oʻzgarishlar e’lon qilindi. Unga koʻra, 2025-yil soʻnggi 35 yildagi daryo oqimi eng kam boʻlgan yillardan biri boʻldi. Dunyo daryo havzalarining 36 foizida suv oqimi me’yoridan past boʻlgan.

Soʻnggi 7 yil davomida “me’yoriy” suv oqimiga ega daryo havzalari soni 1991-yildan beri eng past darajani qayd etdi. Ularning ulushi atigi 34–38 foizni tashkil etgan. 1991–2020-yillardagi oʻrtacha koʻrsatkich esa 46 foiz edi.

Quruqlikdagi suv zaxiralari – yer osti suvlari, koʻllar, daryolar, tuproq namligi, qor va muzliklardagi suv miqdori 2014–2016-yillardan buyon pasayib bormoqda.

“2023–2025-yillarda muzliklar jami 1 400 gigatonna suv yoʻqotgan. Bu taxminan 560 millionta Olimpiya hajmidagi basseynni toʻldirish uchun kerak boʻladigan suv miqdoriga teng”, – deyiladi xabarda.

Markaziy Osiyo ham suv zaxiralari kamayishi kuzatilgan hududlar qatorida. 2021–2025-yillarda Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida quruqlikdagi suv zaxiralari me’yoridan past boʻlgan.

“2025-yilda suv omborlariga kelib tushadigan suv miqdori bir qator hududlarda me’yoridan past boʻlgan. Yaqin Sharqning ayrim hududlari, jumladan Eron Islom Respublikasi, Turkiya va Suriya Arab Respublikasi, shuningdek, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻonistonni oʻz ichiga olgan Markaziy Osiyoda suv omborlariga kelib tushadigan suv miqdori me’yoridan past yoki ancha past darajada qayd etilgan. Bu holat mintaqada kuzatilgan qurgʻoqchilik sharoitlari bilan bogʻliq”, – deya qayd etilgan hisobotda.

Suv bilan bogʻliq ekstremal hodisalarda ham keskinlik saqlanib qolmoqda. Soʻnggi besh yil ichida Osiyo va Afrika birgalikda suv bilan bogʻliq barcha qayd etilgan ekstremal hodisalarning kamida yarmiga toʻgʻri kelgan. WMO ta’kidlashicha, suv aylanishi tobora beqaror va oldindan aytish qiyin boʻlgan jarayonga aylanmoqda.

E'lon qilingan: