Loyihaning maqsadi — loyiha hududlarida yer osti suvlari sathining yuqoriligi va tuproq shoʻrlanishi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yaxshilash, shuningdek, botqoqlanish oqibatida uy-joylar va infratuzilmaga yetkaziladigan zararni kamaytirish. Yer usti sugʻorish va drenaj tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, gorizontal va vertikal drenaj quduqlarini barpo etishga mablagʻ ajratish orqali yer osti suvlari sathining yuqoriligi bilan bogʻliq muammolarni hal etish koʻzda tutilgan.
Loyiha hududi — Fargʻona viloyatining Bogʻdod, Rishton va Oltiariq tumanlari.
Umumiy qiymati — 81,04 million AQSH dollari, shu jumladan:
- Jahon bankining kredit mablagʻlari — 65,54 million AQSH dollari;
- Oʻzbekiston Respublikasining hissasi — 15,5 million AQSH dollari.
Amalga oshiruvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi.
Loyihani amalga oshirish muddati — 2009–2016-yillar.
Loyiha uchta asosiy tarkibiy qismdan iborat:
1. Sugʻorish tizimlarini takomillashtirish va drenaj tarmoqlarini qurish.
Ushbu komponent yer usti sugʻorish tizimlarini yaxshilash hamda gorizontal va vertikal drenaj tizimlarini barpo etish orqali yer osti suvlari sathining yuqoriligi bilan bogʻliq muammolarni hal etishga qaratilgan.
2. Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va institutsional qoʻllab-quvvatlash.
Ushbu yoʻnalish suv xoʻjaligini boshqarish, irrigatsiya va drenaj tizimlarini (IDT) saqlash hamda loyiha hududida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi davlat va xususiy tashkilotlarning institutsional salohiyatini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Komponent doirasida treninglar va oʻquv safarlari moliyalashtiriladi, namoyish maydonchalari tashkil etiladi, dala jihozlari, laboratoriya va kompyuter uskunalari, ofis jihozlari bilan ta’minlash hamda maslahatchilarni jalb etish koʻzda tutiladi.
3. Loyihani boshqarish, monitoring va baholash.
Ushbu komponent Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Loyihani boshqarish boʻlimining (LBB) loyihani boshqarish, monitoring qilish va uning samaradorligini baholash boʻyicha salohiyatini oshirishga qaratilgan. Bu tovarlar xaridi, maslahat xizmatlari, loyiha auditi, oʻqitish hamda ekspluatatsiya xarajatlarini moliyalashtirish orqali amalga oshiriladi.
Loyihaning asosiy maqsadlari:
a) drenaj va sugʻorish tizimlarini takomillashtirish hamda suv resurslarini kompleks boshqarish orqali Oʻzbekistonning Fargʻona vodiysida barqaror sugʻorma dehqonchilikni rivojlantirish, bandlik va fermer xoʻjaliklari daromadlarini oshirishga koʻmaklashish;
b) mulkchilik shaklidan qat’i nazar, infratuzilmaga yetkaziladigan zararni kamaytirish va botqoqlanishga qarshi kurashish orqali atrof-muhit hamda aholi salomatligini yaxshilash. Bu, oʻz navbatida, aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi;
c) Suv iste’molchilari uyushmalari (SIU) orqali sugʻorish tizimlarini birgalikda boshqarishni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va sugʻorish amaliyotlarini takomillashtirish hamda loyiha hududida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari rentabelligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni joriy etish;
d) sugʻorish va drenaj uchun mas’ul suv xoʻjaligi tashkilotlarining institutsional salohiyatini mustahkamlash.