Loyihaning asosiy maqsadi — 315 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash, shu jumladan Buxoro viloyatida 275,0 ming gektar va Navoiy viloyatida 40,0 ming gektar yer maydonini suv bilan ta’minlash.
Loyiha hududi: Buxoro viloyatining Kogon va Olot tumanlari, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani.
Loyihaning umumiy qiymati: 406,29 million AQSh dollari.
Shundan:
OTB kredit mablagʻlari — 216,75 million AQSh dollari;
JICA kredit mablagʻlari — 11 872 million JPY (108,97 million AQSh dollari);
Oʻzbekiston Respublikasining hissasi — 80,56 million AQSh dollari.
Loyihani amalga oshirish muddati: 2014–2020-yillar.
Loyiha natijasida:
- yangi “Amu-Buxoro-I” nasos stansiyasi quriladi;
- 4 ta nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinadi va jismonan eskirgan nasos agregatlari oʻrniga 60 ta yangi nasos agregati oʻrnatiladi;
- elektr energiyasining yillik iste’molini qisqartirish hisobiga 5,56 million AQSh dollari miqdorida mablagʻ tejaladi.
Loyiha doirasida 3 ta namoyish maydonida 6 ta paket amalga oshirildi. Shundan 4 ta paket va 3 ta namoyish maydoni OTB kredit mablagʻlari, 2 ta paket esa JICA kredit mablagʻlari hisobidan moliyalashtirildi.
Loyiha doirasida barcha 6 ta qurilish shartnomasi boʻyicha pudratchilar aniqlandi va tegishli shartnomalar imzolandi. “Fermer xoʻjaligidan tashqari va xoʻjalik ichidagi sugʻorish tizimlarini tiklash” shartnomasi boʻyicha qurilish ishlari yakunlanib, obyekt doimiy foydalanishga topshirildi.
2018-yilda 12,0 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻ oʻzlashtirildi va uskunalar uchun zarur ehtiyot qismlar yetkazib berildi. Obyektlarda batafsil loyihalash ishlari yakunlandi. Qurilish-montaj ishlari doirasida 26,30 ming m³ tuproq ishlari va 3,98 ming m³ beton ishlari bajarildi.
2019-yilda 62,9 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻ oʻzlashtirildi. “Amu-Buxoro-I yangi nasos stansiyasini qurish”, “Qiziltepa-I nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” va “Amu-Buxoro-II nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” loyihalari boʻyicha pudratchilar aniqlandi va shartnomalar imzolandi.
Oʻrnatilishi rejalashtirilgan 16 ta nasos agregati qurilish maydonlariga yetkazib berildi, shundan 10 tasi oʻrnatildi. 104,69 ming m³ tuproq ishlari va 3,97 ming m³ beton ishlari yakunlandi.