Mamlakat: Oʻzbekiston.
Amalga oshirish muddati: 2022–2025-yillar.
Loyiha budjeti: 10,0 million AQSH dollari.
Amalga oshiruvchi tashkilot: Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi.
Benefitsiarlar: 6 ta pilot hududdagi qariyb 5,5 million aholi, Suv xoʻjaligi vazirligining 60 nafar suv xoʻjaligi mutaxassisi, tanlangan irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining (ITHB) 600 ga yaqin muhandisi, shuningdek, “Sirdaryo” va “Amudaryo” havza suv tashkilotlari.
Loyihaning asosiy maqsadi
Loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan 2016–2020-yillarda amalga oshirilgan loyihaning davomi boʻlib, ilgʻor suv axborot tizimini yanada rivojlantirish hamda uni tanlangan hududlardagi SMART havza boshqaruvi tizimlari bilan integratsiya qilishga qaratilgan.
Raqamli innovatsiyalar orqali suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish va ushbu tizimlardan Oʻzbekistonda Green New Deal (“Yashil yangi kelishuv”) tashabbuslarini amalga oshirish vositalaridan biri sifatida foydalanish koʻzda tutilgan.
Loyiha, shuningdek, Janubiy Orolboʻyi hududidagi suv havzalari va suv-botqoq ekotizimlari, jumladan, Amudaryo deltasi holatini real vaqt rejimida monitoring qilish orqali Orolboʻyi ekotizimlarini tiklashga koʻmaklashishga qaratilgan.
I bosqich bilan integratsiya
Maqsadli SMART tizimi KOICAning 2016–2020-yillarda amalga oshirilgan “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali Oʻzbekistonda suv boshqaruvining integratsiyalashgan tizimini yaratish boʻyicha Master-reja va pilot loyiha”si doirasida yaratilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Shu tariqa, loyiha avvalgi bosqichda yaratilgan raqamli infratuzilmani kengaytirish, ma’lumotlarni yigʻish va tahlil qilish imkoniyatlarini takomillashtirish hamda suv resurslarini boshqarishda zamonaviy SMART texnologiyalarni kengroq joriy etishga xizmat qiladi.
Loyiha hududlari
Loyiha doirasida SMART suv boshqaruvi tizimlarini rivojlantirish va integratsiya qilish ishlari:
Fargʻona viloyati;
Toshkent viloyati;
Samarqand viloyati;
Buxoro viloyati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Orolboʻyi hududlarida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Loyiha natijasida Suv xoʻjaligi vazirligining ilgʻor axborot tizimi hududiy SMART havza tizimlari bilan bogʻlanib, suv resurslari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish, almashish, monitoring va tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytirish koʻzda tutilgan.