Asosiy kontentga oʻtish

Muvofiqlashtiruv yigʻilishi (12.02.2026)

12-fevral, 2026

Muvofiqlashtiruv yigʻilishlari
Muvofiqlashtiruv yigʻilishi (12.02.2026)

Oʻzbekistonda suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya boʻyicha Tarmoqlararo ishchi guruhning 6-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

2026-yil 12-fevral kuni Oʻzbekistonda suv resurslari sohasidagi Milliy siyosiy muloqot doirasida «Suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya» yoʻnalishi boʻyicha Tarmoqlararo ishchi guruhning (TIG) 6-yigʻilishi oʻtkazildi. Unda sohaviy vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish boʻyicha hamkorlar vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishni TIG hamraislari — Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Zokir Ishpulatov, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining Ichimlik va oqova suv tizimlarini ekspluatasiya qilish va rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Gʻayrat Raximov, «Oʻzsuvta’minot» AJ boshqaruvi raisining oʻrinbosari Nodir Xodjamov ochib berdilar. Xalqaro hamkorlar nomidan Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi vakili Andrin Fink soʻzga chiqdi.

Kun tartibining asosiy masalalaridan biri suv xoʻjaligi sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish hamda Suv kodeksiga sharhlar ishlab chiqish jarayoni boʻldi. Shuningdek, ishtirokchilar Suv kodeksining yangi qoidalarini amalga oshirish monitoringi masalalarini muhokama qildilar. Bu esa sohadagi islohotlarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yigʻilish davomida ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya sektorini institutsional jihatdan mustahkamlash chora-tadbirlari ham koʻrib chiqildi. Bunda sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish va idoralararo muvofiqlashtirishni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan soha boʻyicha rejalashtirilgan tadbirlar va kelgusi qadamlar haqida ma’lumot berildi.

Munozaralarda UNECE, OECD kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa milliy tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va tarmoqlararo muvofiqlashtirilgan harakatlarni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.

Yigʻilish yakunida suv resurslarini boshqarish, suv ta’minoti va sanitariya sohasidagi vazifalarni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilab olindi. Xulosa qismida ishtirokchilar huquqiy islohotlar, institutsional rivojlanish va xalqaro hamkorlikni davom ettirishga sodiqliklarini tasdiqladilar.

Proceedings

English

Oʻzbekcha

Presentations

English

Oʻzbekcha

Media