Asosiy kontentga oʻtish

Muvofiqlashtiruv yigʻilishi (16.03.2023)

16-mart, 2023

Muvofiqlashtiruv yigʻilishlari
Muvofiqlashtiruv yigʻilishi (16.03.2023)

"Mamlakat platformasi"ning "Suv resurslari, suv ta'minoti va sanitariya" tarmoqlararo ishchi guruhining birinchi yigʻilishi

2023-yil 16-mart kuni Suv xoʻjaligi vazirligida suv resurslari, suv ta'minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvta'minot” АJ, tarmoqlararo ishchi guruhi a'zolari, manfaatdor vazirlik va idoralar, Shveytsariya elchixonasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va boshqa donor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda suv resurslari, suv ta'minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhining 2023 yildagi ish rejasi hamda samaradorlikning asosiy koʻrsatkichlari muhokama qilindi. 2024-2026 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasi loyihasini ishlab chiqish haqida soʻz yuritildi.

2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi maqsadlari bilan bogʻliq holda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy vositalaridan biri – xalqaro donorlar va rivojlanish boʻyicha sheriklar bilan hamkorlikni ishlab chiqish va amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan «Mamlakat platformasi» mexanizmidir.

«Mamlakat platformasi» Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan 2023 yilda kotibiyat funktsiyasini bajaruvchi Jahon banki bilan hamkorlikda muvofiqlashtiriladi.

Joriy yilning yanvarь oyida oʻtkazilgan «Mamlakat platformasi»ning birinchi yigʻilishida tomonlar soha vazirliklari va idoralari, shuningdek donorlar va rivojlanish boʻyicha sheriklardan tashkil topgan 12 ta ishchi guruhlarini tashkil etish masalalarini kelishgan edilar. Shulardan biri suv resurslari, suv ta'minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhi hisoblanadi.

Yigʻilishda “Oʻzsuvta'minot” АJ va Suv xoʻjaligi vazirligining taqdimotlari uyushtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga strategiyasi tasdiqlangan boʻlib, unda belgilangan vazifalar amalga oshirilmoqda. Soha oldida 2024-2026 yillarga moʻljallangan strategiyasini ishlab chiqish vazifasi turibdi.

– Oʻzbekistonda yer osti, yer usti suvlari, ichimlik va sugʻorish uchun foydalaniladigan suvlardan samarali foydalanish boʻyicha harakatlarni birlashtirish maqsadga muvofiq. Bu borada integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish tajribasini qoʻllash foyda beradi, – dedi Shveytsariya elchixonasining hamkorlik boʻlimi boshligʻi Raxelь Byosh xonim.

Yigʻilishda tomonlar aynan shu masalalar yuzasidan qarashlarini bildirib, muhokamalarda faol qatnashdilar. Yakunda suv resurslari, suv ta'minoti va sanitariya tarmoqlararo ishchi guruhining 2023 yildagi ish rejasi tasdiqlandi.

Proceedings